O`ZBEK :: ENGLISH    

KUTUBXONA

 
O'lmas Rasulov                  An'anaviy ijrochilikda "Suxanronlik" san'ati.
O`zbekistonda xalq artist

 
        Suxan - so'z, u - mehr, u - sehr! U- yog'du, u - zulmat...

        So'z - kishilarning qudrati-yuzaifligini, mavqei-yu maqomini, donoligi-yu farosatini bildiruvchi, ularning qaysi xalqqa, millatga tegishli ekanidan darak beruvchi, hunari-yu e'tiqodini aks ettituvchi vositalardan biri. Qodir ollohning qudrati ila so'zlarni paydo qiluvchi tovushlar turli odamda turlicha sadolanadi. Bunday holat o'z navbatida xilma-xil talaffuz va ohanglarni vujudga keltiradi. Anashu ohanglaru talaffuz yordamida har bir shaxsning fe'li, xulq-atvori, ruhiy holati, shevasi kabi bir ator omilni anglay bilamiz. Darhaqiqat so'zlash uslubi va ohangi jihatdan savdogar dehqondan, chorvador, quruvchi, ruhoniy olimdan diplomat, shoir mug'anniydan tub farq qiladi. Umuman, yer yuzida aynan bir xil ohangda so'zlashuvchi ikki kishini topish amri mahol bo'lsa kerek.
So'zning o'ziga xos fazilatlaridan yana biri, uning musiqiy ohanglar bilan birikib yaxlit, mukammal asar darajasiga ko'tarila olishidir. Dastlab so'zlar duru-javohir yanglig' umumbashariy g'oya-yu intilishlarni ifodolovchi ishqiy-falsafiyg'azal yoki she'rga aylantiriladi. So'ngra u bastakor tomonidan xalqimizning ruhiga, qon-qoniga singib ketgan dilnazir ohanglar vositasida qo'shiqqa, ashulaga aylantiriladi.
        Qo'shiq. Ashula. Bu ikki janr shoir va musannif hamkorligining samarasidir. Bularning har biri ikki mustaqil badiiylikning mushtarakligi mevasidir. Zero qo'shiqning kuyi va she'ri, ashulaning laxni va g'azali alohida, ayni paytda, bir-biriga uzviy bog'langan nafis, jozib asarlar sifatida ham kuyga, ham she'rga xos boy badiiy-musiqiy imkoniyatlarni o'zida to'la aks ettiruvchi noyob javohir shakliga keladi. Ana hunday holatda yaratilib, xalqimizning ma'naviy merosiga aylangan alla, yalla, lapar va termalar; musiqiy merosimizning gultoji sanalmish maqom yo'lida ijod etilgan ushoshoq, chorgoh, bayot, navolar; o'zida 300 ga yaqon kuy ashulanijam etgan "Buxoro Shashmaqomi", 200 dan ortiq musiqiy durdonani birlashtirgan Toshkent-Farg'ona yo'llari (Chormaqom), 200 ga yaqin go'zal ijod namunasidan iborat Xorazm oltimaqomi, baxshilik ijodiga mansub yuzlab doston, marsiya, madhiya, masnaviy bugungi kunda faqat mamlakatimiz emas, butun jahon musiqiy afkor ommasining diqqar markazidadir.
        So'z ham, kuy ham ilihiy ne'mat. Ularning bir biriga o'xshash tomoni ham anchagina. Ohang ham so'z singari kishilarning millati, tabiati, yashash sharoiti, joyini anglatadi. Musiqa ilmida aynan bir-biriga o'xshash ikki parda, bir-birini takrorlovchi ikki ohangni, biri ikkinchisidan farq qilmaydigan kuyni va aynan o'xshash ikkita bir xil ijroni topib bo'lmaydi. So'z bilan kuyning yana bir muqaddas o'xshashligi har ikkisining ham ibodat ekanligidir. So'z - zohiriy ibodat, kuy - botiniy, ruhiy ibodat. Ehtimol shuning uchun bo'lsa kerak, ajdodlarimiz so'z vas oz yaxlitligini nihoyatda qadrlaganlar.
        Tarixiy manbaalardan ma'lumki, qadimda barcha dinda mavjud ilihiy so'z va matnlar ohangga yo'g'rilgan holda ijro etilgan.
Rivoyat qilishlaricha Odam allayhissalom "rost" ohanglarida, Dovud allayhissalom "navo" ohanglarida, rasuli akram Muhammad allayhissalom "nihovand" ohanglarida olloh taologa munojot qilishgan. Bu an'ana Turon zamin hududlarida ham keng tarqalgan bo'lib, ota-bobolarimiz turli rivoyat, madhiya, dostonlarni qo'biz yoki do'mbira jo'rligida ijro etishgan. Xaloyiq soatlab, haftalab ushbu ijrolardagi so'z va soz sehridan lazzatlangan.
        Islom g'oyalari tantanasidan so'ng Turon erlarida tasavvuf oqimi paydo bo'lishi munosabati bilan so'z, musiqa, raqs kishiulik jamiyatoda alihida ahamiyat kasb eta boshladi. So'fiylarning nazarida so'z vas oz olloh visoliga yetishning eng ta'sircha vositasiga aylandi…
        Shubhasiz, bu ilohiy, musiqiy jarayonumumislomiy madaniyatning markazi Buxoroda ham o'z in'ikosini topdi.
        Tarixiy ildizlari Odam allayhissalomga borob taqaluvchi san'atning ajralmas qismi Buxoro an'anaviy ijtochiligini tashkil etuvchi "Zamzama", navro'z qo'shiqlari, marsiya, madhiya, "mavrigi", "Buxorcha"lar va nihoyat, nafaqat Buxoro madaniyatining, balki o'zbek san'atining fahri "Buxoro shashmaqomi"ning tarkibiga kiruvchi turli ko'lam hamda mavzudagi purmazmun, boy kuy-ashulalarda biz so'z va so'z san'atini, she'r va kuy latofatida lahn va g'azal san'atini ko'ramiz, dunyoviy, ilohiy g'oyalar birligini his etamiz…
        So'zni ohanglar og'ushidauning jonli tilga yaqin holatiga urg'u berib ijro etish san'ati Buxoroda asosan roviy va maddohlarda rivojlangan. Ular so'zning ta'sirini ohang ta'siri darajasida idrok etgan. So'zlarni cho'ziq sadolar og'ushiga yashirmaganlar, o'ta lirik ohanglarga ko'mib yubormaganlar. Ular ijrosidagi musiqiy asarlarda shiddat va shijoat ufurib turgan.
        Buxoroa azaldan keng tarqalgan "Qalandariya" oqimi vakillari bo'lmish darveshlar, qalandarlar aksariyat ilohiy qo'shiq kuylashgan. Bunday qo'shiqlarni kuylash jarayonida ular maxsus kiyimda ijroning o'ziga xos etik-estetik qoidalariga qat'iy rioya qilishgan. Ijrodan oldin tahorat qilishib ikki rakat nafiy namozi o'qiganlar. Bu ulatning so'z va sozga bo'lgan e'tiqodini kuchaytirgan. Zotan, e'tiqod bilan amalga oshirilgan ijroda so'z va ohang talqinidagi ta'sirchanlik oshib boradi. Ijrochida buning natijasida shunday ilohiy fayz paydo bo'ladiki, bu fayzdan u o'zini unutadi, borinkim esidan chiqaradi. Alaloqibat uni tinglayotganlr ham behush bo'ladilar.
        Maddohlar ijrosidagi asarlardanba'zisining nomini keltiramiz: "Andalho", "zikr", "xonaqohiy", "Yo olloh do'st. yo olloh"… Bu ismlarning zamirida hidoyat, ohangida esa ilihiylik ufurib turadi.
        Qalandariya oqimining keng tarqalgan janri maddohlik Buxoroda yaqin kunlargacha mavjud edi. Xalqimiz Qori Aynaqiy (ismi shariflarini topa olmadik) kabi marhum maddohlarni yaxshi eslaydi.
        Ohang va so'z mushtarakligi buxorolik ustoz maqomxonlarning ijodida o'zining eng yuksak badiiy cho'qqisiga yetdi. Shunisi diqqatga sazovorki, shinavandalar maqomxon ustozlarning g'azal tanlashiga, undagi so'z bo'g'linlarini va usul zarblari bilan mos tarzda ishlatish uslubiga, har bir so'zning uning mohiyati bilan eshitguvchiga yetkaza olish qobiliyatiga qarab baho berganlar, aniqrog'I ularning ijrochilik darajasini belgilashga uringanlar. Ustoz xonandalar maqom-ashulalarda so'zlarni turlicha ishlatganlar.
        Ularning ba'zilari maqom-ashulalarini ijro etish jarayonida so'z tuginini, kuy parchasidan, doira usuli zarblaridan ajratmagan holda tekis, ravon talaffuz etishgan. Ijroning bunday uslubi o'quvchilar, maqomni o'rganuvchilar uchun atni muddao bo'lgan. Ravon ijroning o'ziga xos yana bir xislati shundaki, bu ijro shinavandani g'azaldagi so'zni to'la anglashi uchun ehtiyot bo'lishga undaydi. Zero, bunday ijro amaliyotida so'zning bir yoki bir necha bo'g'ini kuyning ma'lum bir taktida (bo'lagida), qolgan bo'g'inlari esa kuyning ikkinchi, uchinchi va hatto to'rtinchi taktida sadolanishi mumkin. Bu holat nozikta'btinglovchini yanada e'tiborliroq bo'lishga undaydi.
        Maqomxonlar orasida yana shunday xonandalar borki, ular o'z ijrosida ashula so'zlarini imkon qadar jonli talaffuzga yaqin sadolantirishga urinadi. Bunday urinish maqomning ashula qismiga kiruvchi ba'zi kuyga turli radif va vazndagi g'azallarni qo'yish imkoniyatini yaratadi. Ijronnng bu notekis murakkab ko'rinishida tanbur va doira zarblariyaxlitligi, ketma-ketligini (zarblar noodatiy tarzda, go'yoki doira usuldan tashqari sadolanadi), so'z vas oz, so'z va usul musobaqasi (so'z bo'g'inlari, hatto so'zning o'zi ham ba'zan doira usul mezonida, ba'zan usulning bo'g'in yoki so'z sig'ishi qiyin b`olgan zarblarida, ba'zi holda kuyning doira zarbi tushmaydigan hissalarida ishlatilishi), hofiz ovozida mavjun turli musiqiy ijroning mahorat bilan ado etilishi yanglig' badiiy, musiqiy qirralarni ko'ramiz.
        An'anaviy xonandalarga xos yana bir ijro uslubi payraviydir. Ushbu uslubda asar bir necha hofiz tomonidan amalga oshirilgan. Ijroni odatda xonandalarning ustozi boshlaydi. Qolgan barcha ijrochi o'zi kuylaydigan ashulani ustoz ijro etgan g'azalning radifini yozilgan yangi g'azal bilan davom ettirish shart bo'lgan. Ijrochilikning ushbu payraviy uslubi 1930 yilgacha Buxoroda keng tarqalgan ijrolarning biri edi.
        Yuqorida ta'kidlangan turli ijro uslubiga xos so'zlarning ishlatilishi, boshqacha qilib aytganda, ularning ohanglar zamirida yuritilishi ustoz maqomchilar tomonidan "Suxanroniy" yoki "Suxanronlik" san'ati deb e'tirof etilgan so'z ishlatish san'atining bu go'zal namunasi turlarini asosan maqom talqini-yu chapandoz nasr-u mo'g'ilchalarida uchratishimiz mumkin.
        "Suxanronlik" maqom ijrochiligining hali kam o'rganilgan qirrasi. Sozning ovoz in'ikosi ekanligini hisobga olsak, "Suxanronlik" san'ati an'anaviy g'ijjak ijrochiligida "Kamonronlik"ni, hay ijrochiligina "Nafasronlik"ni, rubob va tanbur ijrosida "Noxunronlik"ni vujudga keltiradi. Suxanronlikning bu keng qirralarini oliy tizimda tahsil olayotgan bo'lg'usi musiqa muallimlariga ham ma'lum darajada o'rgatishimiz kerak, nazarimda buning uchun kelgusida yaratiladigan musiqiy dastur, qo'llanma, darsliklarda "Suxanronlik" san'atini aks ettiradigan asarlardan ko'proq ko'proq berib borishimiz kerak. Men bir odiy ijrochi sifatida an'anaviy Buxoro maqom ijrochiligida o'ziga xos ahamiyat kasb etuvchi "Suxanronlik" san'atining ba'zi ko'rinishini tajribalarimga tayangan holda yoritishga urindim. Agar ijrochilik mahoratining kamdan-kam holdagi mufassal nasib etuvchi ushbu ko'rinishi ("Suxanronlik" san'ati) kelgusida musiqa nazariyotchilari tomonidan chuqur tahlil va tadqiq etilsa ayni muddao bo'lur edi.

© Husniddin ATO,2003-2008