O`ZBEK :: ENGLISH    

LIBRARY

       
NASR bo`limi.
        Shashmaqomning ashula bo`limi sho`’balari ham bastakorlik san’ati an’analarining mahsuli sifatada yuzaga kelgan. O`tmish davrlarda yashab ijod etgan shoir va olimlarning asarlarida bizga uncha tushukarli bo`lmagan, kuy, qo`hiq va ashulalarning shakli va yaratilgan uslublariga taalluqli ma’lumotlarga duch kelinadi.
        Bunday kitoblarni varaqlar ekanmiz, maqomlar va ularning sho`’balari, nomi, bastakorlarning ismlari, ularning hayoti va ijodiy faoliyatiga taalluqli qimmatli satrlarni o`qiymiz. Bunday asarlarda bastakor maqom yo`llariga yangi kuylar, ashulalar bog`lagani haqida gapiriladi. Bu kuy shakllari kor, qavl, amal, peshrav, naqsh, savt va tarona nomlari bilan mashhur bo`lib, ular Shashmaqom tarkibida ham uchraydi, binobarin umumiy tarzda taronalar nomi bilan ataladi. Shunday bo`lsada, Naqsh, savt, peshrav, amal, tarona shakllarini nisbatan ajratib olish mumkin.
        Masalan: Peshravni olaylik.
        Shashmaqomning deyarli hamma cholg`u yo`llari peshrav ohanglarida tuzilgan. Bu fikrni XVI-XVII asrda yaratilgan musiqa risolalaridagi ma’lumotlar ham tasdiqlaydi. Lekin Shashmaqomdagi
peshravlar o`tmishdagiga qaraganda ancha murakkab va takomillashtirilgan shakldadir. Peshrav yo`llarini tinglab ko`rilsa, pastga pog`onama – pag`ona harakat qilayotgan peshrav tuzilmalarining ichida ohang yuqoriga harakat qilayotgani va kuyni tashkil etadigan xonalar yuzaga kelayotganini ajratib olish mumkin.
        Endi naqshga kelsak bu atama bezak ma’nosida ishlatiladi va shashmaqomning nasr deyilgan sho`’balariga moslanib bastalanadi. Naqshlar engilroq ashula yo`llari bo`lib, murakkab va vazminroq ijro etiladigan nasr sho`’balariga ulanib aytiladi. Naqshlar taronalardan kuy tuzilishi jixatdan boshqa ashula yo`llaridan ajralib. turadi. O`tmishda esa, hozirgi shaklidan kuy unsurlarini muayyan tartibda, ma’lum qoida asosida tuzilgani bilan farq etgan. Taronai Bayot ashulasi naqshlarning yaqqol misoli bo`la oladi.
        Endi taronalar shakliga kelsak, o`tmishda ular to`rtlik, ya’ni ruboyi she’rlarini va shu she’rlarga mos kichik shakldagi alulalarni ifodalagan.
        Shashmaqomda taronalar yirik ham kichik shakllarida uchraydi, hamda Sarahbor, Talqin va Nasr - deyilgan sho`’balardan keyin ijro etiladi. Bunday taronalar shunchalik o`zgarib ketganki, ularni Shashmaqom tarkibida "amal" shaklidami, "naqsh" shaklidami - buni ajratib olish qiyin. Ularning shakli juda katta o`zgarishlarga uchradi, ba’zilari esa bastakorlar tomonidan yiriklashtirildi. Jiddiy o`zgarishlar bilan bo`lsada o`tmishdagi kuy shakllari va yaratilish uslublariga xos cholg`u va ashula yo`llari Shashmaqom tarkibida ham butunlay saqlanib qoldi. Shu bilan birga so`nggi davrlarda yashagan bastakorlar ularni takomillashtirdilar, yangi kuy bo`laklari, qismlari kiritilib, ham shaklan, ham mazmunan boyitdilar. Shashmaqomning bizgacha etib kelgan holada naqsh, amal, kor, tarona, qavl kabi ashula yo`llari umumiy nomlanib, tarona deb ataladi. So`nggi yillarda ularning shaklan o`zgarib ketishi hamda tarona deb nomlana boshlagani hozirgi kunda buashula yo`llarining o`tmishdagi shakllarining aniq ajratib oliniishni mushkullashtiradi.
        Shunday qilib, Shashmaqon uzoq o`tmishdagi bastakorlik an’analarining mahsuli sifatida, maqomchilikdagi ustoz – sozanda va xonandalarning boy tajribasiga asoslangani holda yuzaga kelgan deyish mumkin.
        Xalq dahosi yaratgan - Shashmaqomning ajoyib durdonalari musiqa boyligimizni o`rganishda alohida ahamiyatga ega. Ular yangi musiqa asarlari yaratilishida bitmas - tuganmas manba sanaladi. Shashmaqom ashula bo`limlari 200 dan – ortiq turli shakllaridagi ashulalarni o`z ichiga oladi. Lekik ularning asosida yaratilgan yuzlab ajoyib kuy va ashula yo`llari mavjud.
        Shashmaqomning ashula bo`limlari anchagina murakkab shakldagi sho`’balardan tarkib topgan. Ular maqomlarning cholg`u bo`limidagi qismlari birin - ketin ijro etilgandan so`ng turkum tarzida
aytiladi. Ashula bo`limlarida tuzilish jihatidan bir-biridan ajralib turadigan ikki xil sho`’balar guruhi mavjud. Bulardan birinchisiga Sarahbor, Talqin, Nasr kabi sho`’balar va Ufar qismi, ikkinchisiga esa asosan Savt – Mo`g`ulcha shaklida tuzilgan sho`’balar kiradi. Olti maqomdagi turdosh shu’balar kuy ohanglari jihatidan har-xil bo`lsada, ularning doira usullari va ashulaga tushirab aytiladigan she’rlarning vazn o`lchovlari bir xildir.
        Maqomlar ashula bo`limlaridagi murakkab kuy tuzilmalarini tarkibadagi namudlarni ajratib olmay turib, tushunib olish qiyin.



© Husniddin ATO,2003-2008